Poytaxt hokimligida Yaponiyaning “Mitsui Bussan Chemicals” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida shahrimizda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berilib, shaharsozlik hamda sanoat yo‘nalishida sohadagi hamkorlikni jadallashtirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Mazkur sa’y-harakatlar natijasida Yaponiya kompaniyalari bilan yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, “Mitsui Bussan Chemicals”, “ATOMIX” hamda ularning Toshkentdagi mahalliy hamkori “ATOMIX” MCHJ bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yo‘l qoplamalari uchun lok-bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun barcha sinovlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

“Mitsui Bussan Chemicals” vakili Akimoto tomonidan Toshkent shahri bilan hamkorlikka qiziqish kattaligi bildirilib, Toshkent shahri va Yaponiya hududlari o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni, balki iqtisodiyotning boshqa istiqbolli sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikki davlat manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Toshkent shahar hokimligi va “Mitsui Bussan Chemicals”, “ATOMIX” hamda ularning Toshkentdagi mahalliy hamkori  “ATOMIX” MCHJ o‘rtasida yo‘l qoplamalari uchun lok-bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uchrashuv yakunida taraflar o‘zaro foydali manfaatlar yo‘lida harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA