Amerikaning “Sierra Nevada Corporation” xususiy kompaniyasi O‘zbekiston bilan oltita “Pilatus PC-12” samolyotini restavratsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi sayti yozgan.

Bitim bo‘yicha 64,24 million dollarlik buyurtma samolyotlarni safga qaytarish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va oltita “PC-12” uchog‘i uchun pudrat-logistika yordami ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda amalga oshiriladigan ish 2027 yil 7 avgustgacha yakunlanishi kerak.

Loyiha AQSH Xorijiy harbiy savdo dasturi doirasida amalga oshiriladi. Qurol eksportini nazorat qilish to‘g‘risidagi ushbu mamlakat qonuni 3-bo‘limida, “Agar prezident muayyan ish “Qo‘shma Shtatlar xavfsizligini kuchaytiradi, dunyo tinchligini ta’minlashga yordam beradi” deb hisoblasa, mudofaa mahsuloti va xizmati xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilotga sotilishi mumkin”ligi belgilangan.

Shartnoma doirasida Xorijiy harbiy savdo trast fondidan 26 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratildi. Pudratchi – Ogayo shtati Rayt-Patterson bazasidagi Havo kuchlarini boshqarish markazi.

2021 yil noyabrda “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi Shveysariyaning “Pilatus Aircraft” ishlab chiqaruvchisining ilk samolyoti – “Pilatus PC-12”ni ishga tushirgan. Bir dvigatelli turbovintli ushbu samolyot odatda korporativ yoki mintaqaviy reaktiv sifatida ishlatiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA