Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ellik birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Oliy Majlis Senati a’zolari, sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi dastlabki masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarini tuzish haqida Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan taklif yuborish to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qo‘mita Raisi Z.Reymova ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, saylov kodeksiga kiritilgan yangi normalarga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov sistemasi, ya’ni majoritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazish belgilandi. Chunki, bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan saylovchilarning hoxish irodasiga to‘liq javob beradigan saylovni xalq uchun eng ma’qul tushunadigan shaklda tashkil etish va o‘tkazish tartiblari va saylov tizimlari bor. Ular ayniqsa aralash saylov tizimida samarali foydalanib kelmoqda. Shu sababdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibi belgilandi.
Qonunchilik palatasining yetmish besh deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan qolgan yetmish besh deputat proporsional saylov tizimi asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilangan. Yagona saylov okrugidan deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ro‘yxati asosida tavsiya etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarini tuzish haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taklif yuboriladi.
Kun tartibida shuningdek, 2024 yilning birinchi choragida byudjet daromadlari rejasining bajarilishi va soliq qarzdorliklarini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasiga Parlament so‘rovini yuborish, tumanlarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan shartnoma talablariga rioya etilishi, foydalanishda bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali va oqilona foydalanish borasidagi ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisining o‘rinbosarini saylash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA