Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ularning tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, huquqiy himoyasini samarali ta’minlash va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil 21 iyun kungi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, prokuratura, ichki ishlar, Soliq boshqarmasi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan birgalikda qabul qilingan qo‘shma farmoyish sohaga oid faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev To‘rtko‘l tumanida bo‘lib, qo‘shma farmoyish asosida tashkil etilgan “Tadbirkorlikka ko‘maklashish” ishchi guruhining faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, tuman tadbirkorlari bilan bevosita muloqot jarayonida 60 dan ortiq faoliyatini yangidan boshlayotgan va faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining biznes loyihalari bilan tanishdi.
Tadbirkorlarning muammolari joyiga chiqib o‘rganilib, ularni bartaraf qilish borasida mas’ul idoralarga muddatlari belgilangan holda qat’iy topshiriq berildi. Qabulda kelib tushgan 20 ta murojaatning 8 tasi joyida hal etildi. 12 ta murojaat esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan o‘rganish uchun nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.