Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va faollashtirishga oid qator masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi tuzilgani, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”), Orolbo‘yida iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabi, shuningdek, O‘zbekiston shaharlari uchun ekologik barqarorlik reytingi loyihasi doirasida erishilgan natijalar (“Uzbekistan’s Green Cities Rating”)ga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston bo‘ylab shaharlarni rag‘batlantiradigan va ekologik toza amaliyotga ustuvor ahamiyat beruvchi yashil shahar reyting tizimi xorijlik mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Uchrashuv chog‘ida joriy yilning noyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatga bag‘ishlangan yordamchi tadbir tashkil etish va Orol dengizi trast fondining 2-bosqichi doirasida hamkorlikni faollashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bokudagi global konferensiya O‘zbekiston uchun Orol dengizi maqsadli jamg‘armasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun munosib platformaga aylanishi mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, xorijiy tomon amaldagi Hamkorlik asoslari 2025 yilda yakunlanishi va BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi tomonidan yangi asoslar ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Vazirlikka muhim ekologik ustuvorliklarning integratsiyasini ta’minlash uchun hamkorlikning yangi asoslarini shakllantirishda faol ishtirok etish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA