Navbatdagi xalqaro ta’lim dasturi doirasida bu gal dunyoning 14 davlatidan 150 nafar talaba O‘zbekistonga keldi.

Bugun Raqamli texnologiyalar vazirligida “Huawei” kompaniyasi, IT-ta’lim uyushmasi hamda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo ta’lim muassasalari ko‘magida o‘tkazilayotgan “Seeds for the Future 2024” nufuzli yillik dasturi rasman ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov turli davlatlardan kelgan yosh iste’dod egalari hamda faxriy mehmonlarni qutlarkan, universitet talabalariga mo‘ljallangan mazkur dastur mahalliy iste’dodlarni rivojlantirish, bilim almashish, AKT bo‘yicha xabardorlikni oshirish, yoshlar uchun raqamli hamjamiyatni rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi. Darvoqe, bu yilgi ishtirokchilar orasida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Quvayt, Livan, Ummon, BAA, Pokiston va Saudiya Arabistoni vakillari bor.

“Seeds for the Future 2024”  tanlovida ishtirok etish uchun, jumladan, Toshkent shahridagi sakkizta – Axborot texnologiyalari, Inxa, Amiti, Yangi O‘zbekiston, Turin politexnika, Xalqaro ta’lim, xalqaro Vestminster, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetlardan 15 nafar o‘zbekistonlik talaba tanlab olindi.

O‘tgan to‘qqiz yil mobaynida “Huawei” global ta’lim dasturida yurtimizdan 147 nafar talaba ishtirok etdi. Bu yil “Seeds for the Future 2024” dasturi doirasida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rganish bo‘yicha intensiv trening, texnologiya yetakchiligi ko‘nikmasini takomillashtirish bo‘yicha ma’ruza, global mavzularda muhokamalar kechadi. Ishtirokchilar “Tech4Good” guruhi startap loyihalari bilan ham tanishadi, bilim va tajriba almashish orqali 5G, sun’iy intellekt, bulut va Wi-Fi 7 texnologiyalari haqida yaxshiroq tushuncha oladilar. Natijada yoshlar kelajakda o‘sishlari uchun iqtidorini namoyon qilish, mehnat bozorida o‘z raqobatbardoshligini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Talabalar AKT innovatsiyasini chuqur o‘rganish va soha mutaxassislari bilan hamkorlik qilish barobarida madaniyatlar aro aloqa o‘rnatish uchun diyorimiz bo‘ylab safarga chiqishadi.

Loyiha yo‘lga qo‘yilishi arafasida Toshkent shahridagi Amiti universitetida bo‘lib o‘tgan “Global Village” yirik madaniy tadbirida talabalardan iborat har bir jamoa o‘z mamlakatining madaniy merosi, an’analari, milliy liboslari va oshxonasini namoyish etdi.

Dastur doirasida o‘tkazilgan “Tech4Good” tanlovi o‘z oldiga yoshlar salohiyatini oshirish, ularni jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlar jarayoniga jalb etish maqsadini qo‘ygan. Ushbu noyob platforma eng so‘nggi texnologiyalar ulkan salohiyatidan foydalangan holda dolzarb ijtimoiy muammolarni samarali hal qiluvchi innovatsion g‘oyalar ishlab chiqishga mo‘ljallangan. Ishtirokchilar hakamlar e’tiboriga o‘z loyihalarini taqdim etadi va ikki yetakchi jamoa kelgusi yil Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Global finalda ishtirok etish uchun tanlab olinadi. Ta’kidlash joiz, o‘tgan yil O‘zbekiston jamoasi “Tech4Good” tanlovida mintaqaviy chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Global miqyosda AKT iste’dodlarini rivojlantirishga qaratilgan “Seeds for the Future 2024” tashabbusi 2008 yil ishga tushirilgan. O‘tgan davr mobaynida 141 mamlakatdan 18 mingga yaqin talabani qamrab olgan dastur 360 dan ziyod yuqori lavozimli davlat vakillari va rahbarlari ko‘magida soha yetakchilari va innovatorlarining yangi avlodini shakllantirish maqsadida 500 dan ko‘p universitet bilan hamkorlik qilmoqda.

S.Rahimov, O‘zA muxbiri