Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning IT kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida «Information Technology Federation of Japan» tashkilotining direktori Toshiaki Tateishi faoliyati va vazifalari, amalga oshirayotgan loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, raqamli ta’lim sohasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham tanishtirib o‘tdi. Tashrifdan maqsad raqamli texnologiyalar bo‘yicha O‘zbekistondagi holatni o‘rganish, raqamli ta’lim holati haqida bilish, muhokama qilish va fikr almashish ekanligini bildirdi.
Shu bilan birga, Sherzod Shermatov raqamli ta’lim sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli ta’lim sohasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni IT sohasidagi zamonaviy kasblarga o‘rgatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur loyihalarni Yaponiya tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirish istiqbollarini oshirish, IT kompaniyalarni jalb qilgan holda masofaviy va IT xizmatlarini autsorsing qilish zonasini tashkil etish, yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, raqamli ta’limni rivojlantirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi hamda tegishli takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Rahmonova, O‘zA