“European geopolitical forum”da O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qadamlari yoritildi
Nufuzli internet nashri – “European geopolitical forum”da Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayevning “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi dadil qadamlari” nomli maqolasi chop etildi.
Maqolada ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, xususan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish borasidagi mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z borgan.
– 2020 yildan keyin O‘zbekiston JST sari sa’y-harakatni sezilarli darajada faollashtirdi va ushbu tuzilmaga kirishni ustuvor deb bilgan davlatlar qatoridan joy oldi, – deyilgan maqolada. – Hozir respublikamiz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun qat’iy qaror qabul qilgan holda, bu yo‘lda izchillik bilan barcha zarur islohotlarni amalga oshirmoqda va dadil qadamlar tashlamoqda.
Shuningdek, muallif 2023 yil sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasi doirasida JST Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgani, muloqot chog‘ida tuzilma rahbari O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo mamlakatlar qatoridan o‘rin olish uchun ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholaganini qayd etgan. Bundan tashqari, ayni jarayon jahon hamjamiyati tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgani, qator davlatlar bilan muzokara jarayoni yakunlangani va bozorga kirish protokollari imzolangani ta’kidlangan.
– Joriy yil may oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruh sakkizinchi yig‘ilishida JSTga kirish vaqti sifatida 2026 yil belgilandi, – deya fikrini davom ettiradi Q.Jo‘rayev. – Albatta, aniq muddat belgilanishi zamirida jarayonni yanada tezlashtirish, a’zo davlatlarning ushbu masalaga e’tiborini kuchaytirish maqsadi yotibdi.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bu borada qator islohotlar amalga oshirdi. Mamlakat iqtisodiyotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Monopoliyaga chek qo‘yish yo‘lida qat’iy sa’y-harakat olib borilyapti.
Olimlar JSTga kirish uchun talab etiladigan islohotlar tufayli iqtisodiyot qisqa muddatda 3 foiz, o‘rta muddatda esa 11 foiz o‘sishini hisoblab chiqishgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich bir necha barobar salmoqli.
Mamlakatning dunyoga ochilishi davom etyapti va bu jarayonda ko‘plab mamlakatlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Birgina misol. 2021 yil YeI O‘zbekistonga GSP+ savdo tartibini taqdim etdi. Bu 6200 xil mahsulotni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilishi mumkinligini anglatadi.
Iqtisodiy siyosatda xalqaro standartga moslashish jarayoni jadallashib, huquqiy asos yaratila boshlandi. Ayniqsa, Prezidentning “Bozor islohotini yanada jadallashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻldagi jiddiy va salmoqli qadamdir.
Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish qarori qatʼiy va bu borada sezilarli taraqqiyotga erishish uchun bor imkoniyat ishga solinmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro tuzilmaga qabul qilinish xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirib, mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishini toʻliq anglagan Oʻzbekiston dadil harakatni davom ettirmoqda. Buning uchun aniq rejalar belgilab olinib, izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.