Yaponiya bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi

430

Mamlakatimiz Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan Yaponiyaning “Aglis Co.Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalasi hamda bir necha loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekistonga kivi ko‘chatini olib kirib, ekish hamda ushbu o‘simlik changini kun chiqar yurtga eksport qilish borasida qator takliflar berildi. Buning uchun 4000 dona ko‘chat keltirish fikri ma’qullandi.

Mazkur hamkor davlatda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlarga ehtiyoj borligini ma’lum qilgan mehmonlar yurtimizdagi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi kollej, universitetlarda yapon tilini o‘qitish rejasi bildirdi. O‘zbekistonlik yosh talabalarni maxsus malaka testiga tayyorlab, Yaponiya kompaniyalariga ishga taklif qilish asosiy maqsad ekani qayd etildi.

Vazirlik mas’ullari hamkorlikka tayyorligi, bugungi kunda agrar ta’lim sohasidagi har qanday qo‘shma harakat mamlakatlarimiz o‘rtasida tajriba almashish imkonini oshirishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun “Ishchi guruh” shakllantirish bo‘yicha to‘xtamga kelishdi.