Qurilish sohasi xodimlari kuni keng nishonlandi

644

Xalqaro forumlar saroyida Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublikaning barcha viloyatlaridan qurilish sohasi xodimlari ishtirok etdi.

“Qudratimizga shubha qilsangiz biz qurgan imoratlarga boqing”. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz tomonidan aytilgan bu gap xuddi bugungi kun manzarasini tasvirlab berayotgandek.

Mamlakatimizda shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy arxitektura asosida tubdan yangilash, uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, kommunikatsiyalarni barpo etish bo‘yicha keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu bunyodkorlik ishlari nafaqat shaharu qishloqlarning qiyofasini o‘zgartirmoqda, balki odamlarning hayotiga mazmun olib kirmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni asosida 2017 yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. An’anaga muvofiq, sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda davlatimiz rahbarining mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Aytish kerakki, tinch, osuda, yuqori marralarni ko‘zlagan davlatlarda qurilish, bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor qaratiladi. Mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlari o‘zgacha shukuh bilan davom etmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmi 2023 yilga nisbatan 10 foizdan ziyod ortib, salkam 80 trillion so‘mga yetdi. Sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan ko‘proqni tashkil etayotgani yurtimizda bunyodkorlik ishlari ko‘lami yil sayin kengayib, arxitektura va qurilish sohasi iqtisodiyotning jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘tgan yili birgina investitsiya dasturi doirasida 2 ming 535 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgan. “Tashabbusli byudjet” tizimi asosida mahallalardagi 4 ming 700 ta ob’ektda 5,5 trillion so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

2017 yildan bugunga qadar jami 394 ming 898 ta kvartiradan iborat yoki 26 million 50 ming kvadrat metrlik 7 ming 888 ta uy-joylar barpo etildi. Bu ishlarning davomi sifatida joriy yilda 2,5 ming gektar hududda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. O‘tgan olti oy davomida ushbu massivlarda 4,2 ming xonadonli 104 ta uy-joy foydalanishga topshirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda har yili 300 mingga yaqin nikoh qayd etiladi. Kelgusi besh yilda aholi soni 40 millionga yetishi kutilmoqda. Ushbu massivlarda 250 mingdan ziyod oila uy bilan ta’minlanadi. Bundan ko‘rinadiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qurilish-bunyodkorlik sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani, xususan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini bunyod etish jarayoni jiddiy nazorat qilinib, qurganda ham odamlarga har tomonlama ma’qul variantda qurish talabi qo‘yilayotgani mamlakatimizda inson manfaati naqadar ulug‘ va u har qancha ehtiromga loyiq ko‘rilayotganidan dalolat.

Reyting platformasida 2022 yilda jami 20 ming 140 ta qurilish-pudrat tashkiloti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi davrga kelib ular soni 23 ming 576 taga ko‘paydi. 2024 yilning yanvar-may oylarida pudrat ishlari hajmi 59,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sdi. Soha bo‘yicha 5 turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga 380 ta litsenziya va 16 ta akkreditatsiya guvohnomalari berildi. Shuningdek, elektron reytingda mavjud korxonalar tomonidan 2023 yilda 2021 yilga nisbatan maxsus texnikalari soni 2 barobarga, sohada band bo‘lgan aholi soni 58 foizga ortgan.

Bu ko‘rsatkichlarni amalga oshirishda samarali faoliyat olib borayotgan xodimlar Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbirda e’tirof etilib, munosib taqdirlandi.

– Qurilishning jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani sohada zamon talablari asosida chuqur islohotlarni amalga oshirishni talab qilmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Elyor Komilov. – Shu ma’noda, so‘nggi yillarda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha jami 55 ta Prezident hujjati, 58 ta hukumat qarorlari va 11 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi barcha 16 ta davlat xizmatlari raqamlashtirilishi natijasida aholi va biznes egalariga uydan chiqmagan holda xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatishda qog‘ozbozlik va ortiqcha ovoragarchilikka chek qo‘yildi.

Tadbir davomida taniqli san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Bayram nafaqat ushbu soha xodimlari mehnatini qadrlash, balki mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom etayotganidan dalolat.

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA