Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari – 30 dan optiq mustaqil manbalar asosida 213 mamlakatda davlat boshqaruvi sifati va samaradorligini global darajada o‘rganishga doir 6 ta mustaqil indikatordan tashkil topgan.

Boshqaruv sifati indikatorlari O‘zbekistonda xalqaro reyting va indekslarning ustuvor sohalaridan biri etib belgilangan.

Jahon odil sudlov loyihasi tashkiloti vakillari bilan «O‘zbekiston Boshqaruv sifati indikatorlarida» mavzusida o‘tkazilgan onlayn seminarda shu haqda gap bordi.

Adliya vazirligida davlat organlari va tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Jahon bankining bosh iqtisodchisi Aart Kray va Jahon banki Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi mas’ul xodimi N.Tatibekova ishtirok etdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘zlab berdi.

Jahon bankining bosh iqtisodchisi Boshqaruv sifati indikatorlari muallifi Aart Kray indikatorlarni shakllantirish uslubiyoti, ma’lumotlarni to‘plash va ularning ishonchiligini tasdiqlash jarayonlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ishtirok etgan tegishli vazirlik va idoralar vakillari boshqaruv sifati indikatorlarini shakllantirish borasidagi o‘z savollarini indikatorlarining muallifiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tadbir davomida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan mamlakatda boshqaruv sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida taqdimot qilindi.

Jahon banki vakillari tomonidan mazkur uchrashuvning ahamiyati yuqori baholandi hamda kelgusida samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

N.Abduraimova, O‘zA