Mamlakatimiz qurilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar sababli yangi quvvatlar foydalanishga topshirilmoqda va yangi turdagi, innovatsion, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishlar samarasida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi qurilish materiallari nafaqat mahalliy, balki jahon bozorida o‘z o‘rnini mustahkam egallab boryapti.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ushbu sohada eksport salohiyatini oshirish yuzasidan ko‘rilgan choralarning  natija va yutuqlari haqida gapirib berdi:

–Hozirda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini xarid qilishda Qozog‘iston davlati yetakchi sanaladi. Yil sayin ushbu davlatda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2023 yilda Qozog‘istonga O‘zbekistondan 14 turdagi jami 158,4 million dollarlik qurilish materiallari va xomashyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. 2024 yil yanvar-iyun oylari bo‘yicha O‘zbekistondan qo‘shni davlatga 14 ta turdagi 87,5 million dollarlik qurilish materiallari va xomashyo mahsulotlari eksport qilingan.

Shuningdek, 2023 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga 36 ta turdagi jami 77,8 million dollarlik qurilish materiallari va xomashyo mahsulotlari importi amalga oshirilgan. 2024 yil yanvar-iyun oylarida esa 27 ta turdagi 30,1 million dollarlik qurilish materiallari va xomashyo mahsulotlari yurtimizga olib kelingan.

Bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasining “Basaltwool. KZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Basfayber Treyd ” MCHJda qiymati 100 million dollarlik bazalt tolasi ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshirilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan hukumat topshirig‘iga ko‘ra, qurilish materiallari eksportini yanada oshirish, bu borada tadbirkorlarga yanada ko‘maklashish maqsadida joriy yilda bir qator davlatlarda savdo uylarini ochish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston va Isroil davlatlarida savdo maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash kerakki, yurtimizda 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2024 yilda 38 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Investitsiya dasturlari doirasida 2024-2026 yillarda qiymati 4,5 milliard dollarlik 542 ta yangi loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA