Madaniyat vazirligida 2024 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari va ikkinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar yuzasidan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyat va san’at sohasini isloh qilish, uni yanada rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bu borada davlatimiz rahbari boshchiligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgani, ularning ijrosi yuzasidan hozirda tizimli amaliy ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan qator vazifalar va ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2024 yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari va II yarim yillikda vazirlik oldida turgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi.

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov teatr, sirk, ta’lim muassasalari va madaniyat markazlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ularning natijadorligi hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida nutq so‘zlab, masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov ijro intizomini mustahkamlash hamda sohani raqamlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan hududlarda ijro intizomi va ish yuritish bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini ta’kidladi.

Hay’at yig‘ilishi davomida madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish, hamda “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilgan ishlar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib, ushbu mavzuni tanqidiy muhokama qildi.

Shuningdek, vazirlik markaziy apparatining bo‘linma rahbarlari ham hay’at yig‘ilishida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha muammo va takliflari yuzasidan atroflicha fikr bildirdilar.

Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, berilgan topshiriqlar ijrosini vaqtida ta’minlamagani hamda ish samaradorligi pastligi uchun bir qator tizim tashkilotlari rahbarlariga ogohlantirish va intizomiy choralar ko‘rish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida Madaniyat vazirligining ikkinchi yarim yillik ish rejasi ko‘rib chiqilib, har bir rahbar mas’uliyatni chuqur his qilib, natija ko‘rsatishi zarurligi alohida qayd etildi.

N.Usmonova,

O‘zA