“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2024 yilgi 1-ochiq stipendiya tanloviga nomzodlarni saralash uchun 2-bosqich test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Unda xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish maqsadida hujjat topshirgan test bosqichiga tavsiya qilingan talabgorlar ishtirok etdi.

Test sinovida talabgorlarga 30 ta test topshirig‘i (tahliliy fikrlash – 15 ta, IQ yoki ilmiy tadqiqot kompetensiyasi – 15 ta) va ularni ishlash uchun 60 daqiqa vaqt berildi.

Test sinovi maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali elektron shaklda o‘tkazildi va talabgorlar test sinovi yakunlanishi bilan o‘z natijalarini bilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Test sinovlari bo‘yicha Tanlov komissiyasining qaroriga ko‘ra, suhbat bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar ro‘yxati e’lon qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga o‘tgan 2023 yilda davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilgan va xorijda ta’lim olishlari uchun 965 nafar talabaning xarajatlari qoplangan bo‘lsa, 2024 yilda Jamg‘armaga 550 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Tanlovdan o‘tgan stipendiatlarga Jamg‘arma stipendiyalari xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda o‘qish qiymatining to‘lovi, viza olish xarajatlari, barcha turdagi transport vositalari bilan o‘qish joyiga qadar yo‘lkira xarajatlari (yilda bir martadan ortiq bo‘lmagan), borgan mamlakatdagi o‘qish davrida yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari, zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar xarid qilish hamda xorijda o‘qish davrida stipendiatlarni tibbiy sug‘urtalash kabi  xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA