Istanbulning Byukchekmeje tumanida 75 davlatdan 2100 ijodkorni birlashtirgan 25-Xalqaro madaniyat va san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston nomidan “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli ishtirok etdi.

O‘zbek san’atkorlarining chiqishi tomoshabinlar va hay’at a’zolarida iliq taassurot qoldirdi. Milliy taronalar, raqs va qo‘shiqlar madaniyatimiz boyligi va tarovatini ochib berdi. Natijada “Ayqulash” ansambli bir yo‘la ikki – “Eng yaxshi ansambl” va “Eng yaxshi an’anaviy musiqa ijrochisi” nominatsiyalarida g‘olib chiqdi.

Qoraqalpoq artistlari muvaffaqiyati O‘zbekiston milliy folklor san’ati yuksak darajada rivojlanayotganin yana bir bor tasdiqladi. Yorqin chiqishlardan tashqari mehmonlarga mamlakatimiz, xususan Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Termiz va Xiva shaharlari sayyohlik imkoniyati bilan tanishtiruvchi video lavhalar, bukletlar namoyish qilindi.

Aziza Alimova,

O‘zA