Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
MIB matbuot xizmatining xabar berishicha, Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan, qarzdor «GLOBAL TONAR» MCHJdan undiruvchi «HUMO UNIVERSAL KOMPANY» MCHJ foydasiga jami 2 380 033 000 so‘m undirish belgilangan.
Ushbu qarorga binoan chiqarilgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida, qarzdor «GLOBAL TONAR» MCHJning bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yilgan hamda qarzdorga tegishli jami 3 ta avtotransport vositasiga band solingan.
Natijada, qarzdordan undirilishi lozim bo‘lgan 2,3 mlrd. so‘mdan ortiq qarzdorlik 29 iyul kuni to‘liq undirilib, ushbu mablag‘lar undiruvchi «HUMO UNIVERSAL KOMPANY» MCHJning hisob raqamiga o‘tkazilgan va jamiyatning buzilgan huquqlari tiklangan.
O‘zA