Zakovat – bu shunchaki klub yoki o‘yin emas, balki xalqaro intellektual harakatga aylangan keng masshtabli loyiha. 2023 yilning o‘zida Zakovat harakatining doimiy a’zolari soni 500 ming nafardan ortdi. 156 ming 250 ta jamoa hamda 1 million 150 mingga yaqin bilimdonlar Zakovat o‘yinlarida ishtirok etdi.
Yil davomida mamlakatimiz bo‘ylab 7 mingdan ortiq o‘yin o‘tkazildi va ularda 15 mingdan ortiq savollar taqdim etildi.
Zakovat o‘z chegaralarini kengaytirib, O‘zbekistondan tashqariga chiqdi. Shu vaqtgacha London, Ostona, Olmaota, Dushanbe va Berlin shaharlarida Zakovat nomi ostida o‘nlab xalqaro musobaqalarning o‘tkazilgani xalqaro darajadagi fenomenga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Xorijiy davlatlar orasida Qozog‘istonning Zakovatga iliq munosabatini alohida e’tirof etish lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qo‘shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan qardoshlardir. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman”, degan fikrlari Zakovat misolida ham o‘z isbotini topdi.
Toshkentda o‘tkazilgan bir qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan qozog‘istonliklar bu o‘yinni katta qiziqish bilan kutib oldi va Zakovatni Qozog‘istonda ham ommalashtirishni maqsad qildi.
Natijada atigi bir necha oy ichida Qozog‘iston Zakovatning xalqaro miqyosdagi o‘yinlariga eng ko‘p mezbonlik qilgan mamlakatga aylandi. Bu yerda «Astana Open», II Osiyo ochiq chempionati, «Aziada-2024» kabi qator xalqaro musobaqalar Zakovat nomi ostida o‘tkazildi. Ularning barchasi O‘zbekiston va Qozog‘iston intellektuallari o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maydoniga aylantirdi.
Shu kunlarda Olmaota shahrida yana bir nufuzli musobaqa – «Aziada-2024» o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ertaga, 5 avgust kuni Ostona shahrida esa Zakovat Osiyo kubogi bo‘lib o‘tadi hamda unda O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari fikr kengliklarida bahslashadi.
Bu, Zakovatning yangi marralarni, yangi ufqlarni zabt etish yo‘lidagi o‘ziga xos yurishi boshlanayotganini anglatmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA