Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlashga qaratilgan qonun ishlab chiqildi.
“Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilindi.
Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan. Ammo bunga bolalar kiritilmagan. Natijada oilaviy zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelgan.
Mazkur qonun bilan bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlanib, bolaga, vasiylik yoxud homiylik ostida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda. Tegishli qonun hujjatlari bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, yarashtiruv instituti bilan bog‘liq norma aks ettirilgan. Yarashtiruv instituti amaliyotda mavjud bo‘lib, turli holatlarda sudgacha tomonlar o‘zaro yarashtiriladi. Ammo bu qonun bilan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘lsa, sudgacha hech qanday yarashtiruv mumkin emasligi belgilanmoqda. Chunki tergov bosqichida er-xotinlarning o‘zaro yarashganligi oqibatida ayblanuvchi tomon jazo muqarrarligini his etmay, bir yil davomida yana qayta zo‘ravonlik sodir etishi holatlari kuzatilmoqda.
Shuning uchun ham yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat sud alohida xona (maslahatxona)ga kirishidan oldin, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etgan shaxs faqat sudda yarashuv to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Mazkur qonun qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy ta’sirning kuchi yanada ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA