Bu haqda Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, OTB O‘zbekiston hukumatining mamlakat moliya bozorlarini mustahkamlash va barqaror bozorga yo‘naltirilgan energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan ikkita qarzni ma’qullagan.
OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukovning so‘ziga ko‘ra, xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega.
– Ushbu dasturlar qo‘llab-quvvatlaydigan islohotlar tartibga soluvchi organlar va kompaniyalar uchun barqaror ichki moliyaviy bozorlarni yaratish va iqlim o‘zgarishi masalalarini hal qilgan holda energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish orqali rivojlanishni rag‘batlantirishda o‘z rolini o‘ynashi uchun qulay muhit yaratishga yordam beradi, – deya ta’kidlagan Ye.Jukov.
«Energetika sektorini isloh qilish dasturi»ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 300 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida energetika sektorining tuzilishi, huquqiy-me’yoriy bazasi va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan siyosat choralarini amalga oshirish uchun byudjet yordamini taqdim etadi.
Dastur uglerod chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu islohotlar sirasiga elektr energiyasi bozorini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, raqobatni rivojlantirish va shaffoflikni ta’minlash uchun mustaqil energetika regulyatorini yaratish, markaziy xarid va chakana savdo funksiyalarini ajratish va yangi tashkil etilgan mustaqil tashkilotlarga o‘tkazish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va mamlakatning elektr uzatish va tarqatish tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha energetika sektori bosh rejasi kiradi.
«Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi»ning 2-kichik dasturi uchun ajratiladigan 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ moliyaviy operatsiyalar va xizmatlarni optimallashtirish uchun bozor sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, O‘zbekistonning kapital va pul bozorlari o‘sishi uchun talab va taklifni tartibga solishga qaratilgan regulyator va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA