Ruminiya diplomatiyasi yillik yig‘ilishida O‘zbekiston bilan munosabatga izoh berildi
Ruminiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan “Beqaror dunyoda diplomatik harakat” mavzusidagi mamlakat diplomatiyasi yillik yig‘ilishida ishtirok etdi.
Toshkentdagi elchixona O‘zAga xabar berishicha, uchrashuvning rasmiy ochilish marosimi oldidan Prezident Klaus Yoxannis va Bosh vazir Marsel Cholaku diplomatiya va konsullik korpusi a’zolarini qabul qilgan.
Yillik yig‘ilishni ochib bergan tashqi ishlar vaziri Luminika Odobesku iqtisodiyot va energetika sohasidagi hamkorlikni diversifikatsiya qilish, jumladan, Ruminiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabati zamiridagi eng muhim maqsadlardan biri ekanini qayd etdi. Senat Raisi Nikolaye Chuke ham anjuman ishtirokchilari oldida nutq so‘zlab, xalqaro masalalarga to‘xtaldi.
Elchi Daniel Kristian Chobanu, o‘z navbatida, Ruminiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat barcha yo‘nalishlarda faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining 2023 yil 23 oktyabrdagi uchrashuvi hamkorlikni mustahkamlashga kuchli turtki berganiga urg‘u berd.
– Shu yilning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Prokuratura va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyalari vakillarining mazkur Yevropa davlatiga tashrifi, shuningdek Ruminiya davlat korxonalari monitoringi va baholash agentligi raisining yurtimizga tashrifi har ikki tomon uchun yangi imkoniyatlar ochdi, – deya hisobot berdi elchi.
2024 yil 27-28 mart kunlari Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan avtomobil transporti bo‘yicha Ruminiya – O‘zbekiston qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi ham o‘zaro aloqani mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etdi. Joriy yil 29 iyun – 3 iyul kunlari Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi R.Alimov boshchiligidagi delegatsiya YeXHT Parlament Assambleyasi yozgi sessiyasida ishtirok etish uchun Ruminiyaga tashrif buyurgani ham e’tiborga molik.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA