Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashining navbatdagi Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yil 27 oktyabr kuni parlament va mahalliy vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovda “Adolat” SDPning ishtirokiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Plenumni kirish so‘zi bilan ochgan partiya yetakchisi Robaxon Maxmudova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar yangicha amaliyot – aralash saylov tizimi orqali o‘tkazilishi, bunda har bir ovoz uchun keskin kurash ketishini alohida ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, siyosiy partiyalardan yanada qizg‘in sog‘lom raqobat muhitida saylovchilarning yuksak ishonchini qozonishni talab etadi. Shunday ekan, “Adolat” SDP tomonidan saylovchilarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi asoslantirilgan takliflar va tashabbuslarni, ezgu g‘oyalarni ilgari surish, partiyaning xalqchil Saylovoldi dasturini ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, saylov “Adolat” SDP uchun o‘tgan davrdagi faoliyatiga chinakam baho beradigan muhim siyosiy jarayon sanaladi. Shu bilan birga, vakillik organlariga o‘z nomzodlarini ko‘proq saylash orqali maqsad va g‘oyalarini samarali amalga oshiruvchi, mamlakat siyosiy-huquqiy maydonidagi o‘rnini mustahkamlovchi, bir so‘z bilan aytganda, kelgusidagi muvaffaqiyatlarini ta’minlab beruvchi imkoniyat hamdir.
Shundan kelib chiqib, Plenumda “Adolat” SDPning saylovda munosib ishtiroki bo‘yicha strategik rejalari belgilandi.
Plenumda partiyaning 2024-2029 yillar uchun mo‘ljallangan Saylovoldi dasturini tayyorlash uchun partiya elektorati, xayrixohlari va aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini olish, mavjud muammolarni o‘rganish va ular bo‘yicha manzilli yechimlar taklif etish yuzasidan chora-tabdirlar ishlab chiqilgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, soha mutaxassislari, ekspertlar bilan hamkorlikda Saylovoldi dasturini aholining turmush darajasini oshirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashga yo‘naltirish belgilandi.
Plenumda partiya faollari, faxriylar, deputatlar va yoshlar vakillari so‘zga chiqib, saylov muhim imkoniyat ekani, unda munosib ishtirok etish uchun partiyaning salohiyati yetarli ekani, xalqchil Saylovoldi dasturi bilan siyosiy maydonga chiqish lozimligini qayd etdi. Ushbu muhim siyosiy jarayonlarda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etish, partiyadan deputatlikka munosib nomzodlarni ko‘rsatish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Plenumda saylovda ishtirok etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA