Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi va Global yashil o‘sish instituti (Janubiy Koreya) o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtirilgan “Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasini yashil reabilitatsiya qilish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida qiymati 850 ming AQSH dollaridan ziyod mablag‘ evaziga Qoraqalpog‘istonga zamonaviy suv tejovchi uskunalar olib kelinishi va amaliyotga joriy etilishi belgilangan.
Yaqinda Chimboy tumanidagi “Yuzboshi” fermer xo‘jaligiga Italiyaning CASSELLA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan shlang barabanli mashinalar yetkazib berildi. Yomg‘irlatib sug‘orish tipiga kiradigan suv tejovchi texnologiya – mobil sug‘orish tizimi hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu usulda an’anaviy sug‘orishga nisbatan 40-50 foizgacha suv iqtisod qilinadi.
Baraban mashinalarining asosiy afzalligi yuqori harakatchanlikdir. Shunday mashinalardan biri katta maydonni sug‘orishni ta’minlaydi, ya’ni sug‘orish kengligi 100 metr va shlang uzunligi 400 metr, umumiy to‘rt gektar maydonni sug‘orish imkoniyati mavjud. Bitta mashina kuniga o‘nlab gektar maydonni sug‘oradi. Katta maydonlarda bir vaqtning o‘zida bir nechta purkagichlardan foydalaniladi, bu o‘z navbatida tez va samarali sug‘orish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida Bo‘zatov, Qorao‘zak va Kegeyli tumanlariga ham mazkur turdagi yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari olib kelinishi belgilangan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar agarda ushbu tejamkor texnologiyalarni o‘z dalalarida joriy etsa, Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida subsidiya mablag‘i olishi mumkin.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri