Jazirama ob-havo kuzatilayotgani bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazorat choralari yo‘lga qo‘yildi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, barcha birlamchi tibbiyot muassasalarida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 2 852 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limlarida hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.

Vazirlik jazirama kunlarda, eng avvalo bolalar, qariyalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar sog‘lig‘iga yanada e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

O‘zbekistonda 25—29 iyul kunlari juda issiq havo bo‘lishi kutilayotgani xabar qilingan. Unga ko‘ra, respublika hududining katta qismida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) havo harorati kunduz kunlari 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44-45 darajagacha ko‘tariladi.

O‘zA