O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Turkiya rahbari O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, jumladan, joriy yil 5-6 iyun kunlari Anqara shahriga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.