Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar doirasida hokim va Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilgani “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirishlarni kiritishni taqozo etmoqda.
Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan mahalliy Kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, uning jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi va uni muddatidan oldin lavozimdan ozod qilish mumkinligi belgilanmoqda.
Hokimlar nomzodi Kengashlarda ko‘rib chiqilayotganida ular hududni rivojlantirish dasturini mahalliy Kengashlarga taqdim etish tartibi joriy etilyapti. Qolaversa, mahalliy Kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tizimga joylashtirilishi, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas, deb hisoblanishi va huquqiy oqibatlarga olib kelmasligi mustahkamlanmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida berilgan bir qator taklif-tavsiyalar inobatga olingan. Xususan, xalq deputatlari Kengashining ish tartibiga Kengash tekshiruvi kiritilmoqda. Bundan tashqari, Kengashlar hududiy dasturlar, shuningdek, Kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda hamda ularning ijrosini nazorat qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilishlari mumkinligiga oid qoida o‘rnatilyapti.
M.Komilova, O‘zA