O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimining uyg‘unligini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash orqali Surxondaryo viloyati iqtisodiyot tarmoqlarining, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohalari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida:

1. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo‘shib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

ixtisoslik sohalari bo‘yicha ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish hamda ta’lim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;

soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;

talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.

3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin.

Bunda:

Ilg‘or muhandislik maktabi yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi hamda unda ta’lim olish uchun akademik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi;

Ilg‘or muhandislik maktabi yo‘nalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularning texnik va texnologik taraqqiyotini ta’minlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;

Ilg‘or muhandislik maktabida sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosidailmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yiladi;

Ilg‘or muhandislik maktabida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalarni sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablag‘lari hisobidan birgalikda moliyalashtirish tizimi joriy etiladi;

Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda:

yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetning Ilg‘or muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda samarali faoliyatni tizimli davom ettirish;

yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) xorijda yashovchi vatandosh mutaxassislarni shartnoma asosida Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyatiga jalb etish choralarini ko‘rsin.

4. Quyidagilar:

2024-2027 yillarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan ob’ektlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.

5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) 2024/2025 o‘quv yiliga qadar:

Universitet boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarning jalb etilishini;

Universitetning tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini;

Universitet talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimining joriy etilishini;

Universitetda Ta’lim xizmatlari markazi tashkil etilishini hamda talabalarga o‘qish davomida vujudga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar yuzasidan barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin;

b) Universitet huzurida texnika va qishloq xo‘jaligi ixtisosliklari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyatini belgilangan tartibda tashkil etish chorasini ko‘rsin;

v) 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

Universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish;

Universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etish choralarini ko‘rsin.

6. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish;

Universitet faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni tashkil etish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda, Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;

professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi hamda talabalarning erishgan yutuqlari bo‘yicha rag‘batlantirib borish.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

b) Universitet Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

v) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2024 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida tasdiqlangan byudjet parametrlariga tegishli o‘zgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi,
2025 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

8. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A.Sharipov hamda Surxondaryo viloyati hokimi U.B.Qosimov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 18 iyul