Boshqirdiston bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

279

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev va Boshqirdiston Respublikasi Bosh vaziri Andrey Nazarov bilan birgalikda ikki mamlakat biznes vakillari hamda mas’ullari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘istonning investitsion jozibadorligini oshirish borasida Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar uchun keng imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar, bu borada farmon va qarorlarda berilgan imtiyozlar haqida keng ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, har ikki tomon o‘rtasidagi aloqalar bugungi kunda yana ham mustahkamlanayotgani, bunda ikki davlat Prezidentlarining alohida qo‘llab-quvvatlashi asos bo‘lib xizmat qilayotganligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Boshqirdiston tadbirkorlarini Qoraqalpog‘istonda hamkorlikda korxonalarni ishga tushirishga, yangi bozorlarga birgalikda yo‘l ochishga va Orolbo‘yining investitsion salohiyati asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.

Uchrashuv V2V formatidagi muloqotlar bilan davom etdi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi rahbarligida delegatsiya Ufa shahrida joylashgan sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Turli sanoat yo‘nalishlaridagi korxonalar uchun qurilgan Ufa sanoat parki faoliyati ko‘zdan kechirildi. Mazkur joyda yog‘och mahsulotlarini qayta ishlash, ko‘mir sanoati, mebellar, burg‘ulash, neft-gaz uskunalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyat olib bormoqda.

Sanoat parkida yillik 50 ming tonna quvvatga ega deol lak va bo‘yoqlar ishlab chiqarish korxonasi, charm va sun’iy charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi poliedron korxonasi, shuningdek, ekstremal sayohat va avtomobil yurishi qiyin hududlarda harakatlanishni ta’minlovchi kvadratsikllarni ishlab chiqaruvchi “RB Motors” korxonasi, tekstil va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalari ko‘zdan kechirildi.

Muzokaralar davomida Ellikqala tumanidagi “Bo‘ston klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati  va Boshqirdiston korxonalari bilan tekstil mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, turizm va qishloq xo‘jaligi sohasida kvadratsikllardan foydalanish uchun kelishuvga erishildi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri