Xodimning kompensatsiya puli undirib berildi

263

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga da’vo ariza bilan murojaat qildi. Unda 2017 yil 13 martda “Nukus temir beron buyimlari zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda baxtsiz hodisa sababli jarohat olgan Nukus shahri “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi R.Dosanovga har oyda kompensatsiya pulini to‘lab berish so‘ralgan.

Sud tomonidan ushbu da’vo ariza qanoatlantirilib, joriy yilning 16 aprel kuni “Nukus temir beron buyimlari zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan jabrlanuvchi R.Dosanovning foydasiga 49 million 111 ming 106 so‘m undirish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror bo‘yicha chiqarilgan sudning ijro varaqasi Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga joriy yilning 25 may kuni kelib tushib, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.

Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdor jamiyatning asosiy bank hisob raqamlari, shuningdek, qarzdorga tegishli bo‘lgan jami 12 ta avtotransport vositasiga taqiq qo‘yilgan. Natijada qarzdorning bank hisob raqamidan undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik joriy yilning 28 iyun kuni to‘liq undirildi. Shunday qilib, 7 yil avval o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytida baxtsiz hodisa orqali jarohat olgan R.Dosanovga 49 million 111  ming 106 so‘m kompensatsiya puli to‘lab berildi va sud qarorining ijrosi ta’minlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri