O‘zbekistonning karbonsizlashtirish salohiyati muhokama qilindi

649

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida «O‘zbekistonning past uglerodli rivojlanish imkoniyatlari: ssenariylar, oqibatlar, kelgusidagi tadqiqotlar» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) va Osiyoda barqaror infratuzilma dasturi (SIPA) hamda vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar, xalqaro tashkilotlarning mas’ullari, ilmiy doiralar vakillari hamda boshqa ekspertlar ishtirok etdi.

Ushbu davra suhbati 2022 yilning noyabr oyida Prezidentimizning Parijga tashrifi doirasida imzolangan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan «Yashil iqtisodiyot» va «Iqtisodiyotda karbonat angidrid tashlanmalarini qisqartirish» yo‘nalishlaridagi Hamkorlik dasturini ishga tushirish maqsadida o‘tkazildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov O‘zbekiston iqtisodiyotida uglerod salohiyatini pasaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga ega bo‘lib, SO2ning iqtisodiyot hajmiga va aholi soniga nisbatan ko‘p emissiya qiluvchi davlatlardan hisoblanadi. «Yashil iqtisodiyot»ga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, atmosfera havosini muhofaza qilish va yashil maydonlarni kengaytirish O‘zbekistonda davlat va jamoat qurilishi sohasida olib borilayotgan islohotlar doirasidagi ustuvor vazifalarga aylandi, – dedi Obid Hakimov.

Tadbirda keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida mintaqamizda havo harorati Selsiy bo‘yicha 1,5 darajaga ko‘tarilgan. Bu esa dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proq (0,7 daraja). Shu bilan birga, prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib harorat yana 1,6-2,6 darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari ko‘rilmasa, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2050 yilga borib 10 foizga qisqaradi. Bu esa aholi bandligi va daromadlarining sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.

Shunday qilib, Hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotida uglerod salohiyatini kamaytirish imkoniyatlarini baholash, zamonaviy tahliliy uslub va vositalarni qo‘llash, shuningdek, iqtisodiyotning uglerod salohiyatini kamaytirish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish kutilmoqda. Ushbu dasturning amalga oshirilishi O‘zbekistonning ekologik toza va kam uglerodli rivojlanish modeliga o‘tishiga xizmat qiladi.

Davra suhbati doirasida ekspertlar tomonidan mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha tashlanmalarning asosiy manbalari energetika tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, sanoat va chiqindilar ekanligi ta’kidlandi.

Tashlanmalarning eng katta manbalari gaz va neftdan metan chiqishi, elektr va issiqlik energiyasidan chiqadigan SO2, sanoat sektoridan chiqadigan SO2, shu jumladan, qurilish, chorvachilik va turar-joy sektoridan chiqadigan SO2 hisoblanadi.

Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotida SO2 tashlanmalarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va «yashil» o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Bu O‘zbekiston hukumati hamda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi xalqaro moliya institutlari uchun muhim ustuvor yo‘nalishdir.

O‘zbekistonning karbonsizlashtirish jarayonlarini faollashtirish bo‘yicha asosiy qadamlaridan biri energetika bozorini liberallashtirish ekanligi qayd etildi. Bu energiya tejashga yordam beradi va xususiy sektorga qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritish uchun qulay muhit yaratadi.

Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston 2030 yilga borib 2010 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan SO2 emissiyasini 35 foizga kamaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Tadbirda ushbu muammolar keng muhokama qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi. Hukumat vakillari, ekspertlar va olimlarning fikrlarini yig‘ish orqali muammoning turli jihatlari atroflicha o‘rganib chiqildi.

Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalar kelgusida amalga oshiriladigan islohotlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekistonda karbonat angidrid gazlari tashlanmalarini qisqartirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqishga qaror qilindi.

Mohigul Qosimova, O‘zA