Sayyor uchrashuvda muammolarga yechim topilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi rahbariyati tomonidan hududiy savdo-sanoat palatasi mas’ul vakillari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub’ektlari uchun sayyor uchrashuv tashkil etildi. Unda tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarida yuzaga kelayotgan muammo va tushunmovchiliklarni bartaraf etish choralari muhokama etildi.
Tadbirda tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulot eksportini amalga oshirishda bojxona organlari tomonidan joriy etilgan “Eksport 3 qadamda” tizimi afzalliklari, soddalashtirilayotgan bojxona rasmiylashtiruvi amaliyotlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Ushbu tizim joriy etilgunga qadar 9 bosqichda amalga oshirilib kelinayotgan eksport operatsiyalari endilikda 3 bosqichda O‘zbekiston tovarlarining dunyo bozorlariga chiqishiga imkon yaratmoqda. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilishiga zamin bo‘lmoqda.
Qayd etish lozimki, bugungi kunga qadar hududda faoliyat yuritayotgan o‘ndan ortiq tadbirkorlik sub’ekti ushbu tizim afzalligidan foydalanib, 50 tadan ortiq bojxona yuk deklaratsiyasi orqali tovarlar eksportga soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi talab va imkoniyatlaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida foydalanish bo‘yicha ham takliflar berildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarida, xususan, bojxona qiymatini aniqlashda qo‘llaniladigan usullardan foydalanishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.