Senatda XMT Bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
J. Ungbo XMTning O‘zbekiston bilan samarali hamkorligini yuqori baholadi va mamlakatni tashkilotning Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylangani bilan tabriklab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi va istagi tufayli mamlakat ulkan taraqqiyotga erishganini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari dunyoning ko‘p davlatlari uchun namuna bo‘lishi ta’kidlandi.

XMTning 112-sessiyasida belgilangan vazifalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda 2026-2030 yillar uchun Munosib mehnat dasturi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Suhbat yakunida mehnat sohasida gender tafovutini kamaytirish va kamsitishga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini ta’minlash, ular uchun qulay va munosib sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
N. Abduraimova, O‘zA