Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

Bugun, 2024 yil 10 iyul kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borayotgan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilayotgan yalpi majlis kun tartibiga qator qonunlar va boshqa masalalar kiritilgan.
Jumladan, senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni e’tibor markazida bo‘ladi.
Majlis kun tartibidan “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”, “Ma’muriy islohotlar doirasida ta’lim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, yalpi majlisda Turkmaniston va Turkiya bilan tuzilgan bitimlarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Senat a’zolari Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlarini muhokama qiladi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini hamda o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA