SHHT. Tarix, maqsad va rivojlanish

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etadi.
Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart Toqayev mazkur anjuman so‘nggi bir necha yil ichidagi eng muhim yuqori darajadagi xalqaro forumlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashadi.
Tarix va bugun
2004 yildan beri BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega SHHT tarixi 1996 yildan boshlanadi. Dastlab Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan “Shanxay beshligi” nomi bilan faoliyat boshlagan tuzilma yillar davomida safini kengaytirib bordi.

2000 yil Shanxay beshligi Shanxay forumiga aylantirildi va O‘zbekiston sammitda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. 2001 yil O‘zbekiston rasman tashkilotga qo‘shilgach, tuzilma nomi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga o‘zgartirildi. Oradan bir yil o‘tib, davlat rahbarlari ishtirokidagi Sankt-Peterburg sammitida tashkilotning maqsadi, tamoyili, tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Nizom tasdiqlandi. Ayni payt SHHTning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilangan:
– ishtirokchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash;
– siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa sohalarda samarali hamkorlikka ko‘maklashish;
– mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni birgalikda ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash;
– demokratik, adolatli, oqilona yangi xalqaro siyosiy va iqtisodiy tartibni yaratish yo‘lida taraqqiyotga erishish.
Transport infratuzilmasini takomillashtirish, energetika, telekommunikatsiya, neft va gaz, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridir.

SHHTning doimiy faoliyat yurituvchi organlaridan biri, 2022 yil tashkil etilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi qarorgohi Toshkentda joylashgan. Ushbu tuzilmaning maqsadi terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashda tomonlar vakolatli organlari ishini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini mustahkamlashdan iborat.
Muhim kelishuvlar
Davlat rahbarlari kengashining 2005 yil bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Osiyoning uch yirik davlati – Hindiston, Eron va Pokistonga kuzatuvchi maqomi berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Mo‘g‘uliston bu vakolatni 2004 yil qo‘lga kiritgan. O‘tgan davrda geografik jihatdan kengaygan SHHTning xalqaro obro‘si sezilarli darajada oshdi. 2007 yil SHHT davlatlari o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. 2009 yil Shri-Lanka va Belarusga muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berildi. 2012 yil davlat rahbarlari Uzoq muddatli tinchlik va umumiy farovonlik mintaqasini barpo etish to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. O‘sha yil Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha hamkorga aylandi. 2014 yil Hindiston va Pokiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zolik uchun rasman ariza berdi, 2015 yil davlat rahbarlari tomonidan bu ikki qudratli davlatni qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qaror ma’qullandi. Shuningdek, Belarusga kuzatuvchi, Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja va Nepalga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risida qarorlar imzolandi. 2022 yil Misr va Qatar davlatlariga SHHTning muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
2017 yil iyun oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining tarixiy yig‘ilishida Hindiston va Pokiston tashkilotga qo‘shildi.
2022 yil yanvardan SHHT Bosh kotibi Chjan Min (XXR), MATT ijrochi direktori esa Ruslan Mirzayev (O‘zbekiston) hisoblanadi. 2023 yil iyul oyidan hozirgacha Qozog‘iston SHHTga raislik qilib kelmoqda. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, raislik bir yil mobaynida amalga oshiriladi, oliy darajadagi anjuman yakunidan boshlanib, Kengashning raislik qiluvchi hududda o‘tkaziladigan majlisi bilan tugaydi.
SHHT chegaralari
Yevrosiyo hududining 65 foizini tashkil qiladigan SHHT davlatlarining umumiy hududi 35 million kvadrat kilometrdan oshadi. A’zo mamlakatlar aholisi jami 3,5 milliardga yaqin.
Hozir SHHTga rasman 9 davlat a’zo: Qozog‘iston, Hindiston, Eron, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston. Ostona sammitida Belarus ham to‘laqonli, tarixiy 10-a’zoga aylanadi.
Tarixiy davr
Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi navbatda mintaqa xavfsizligini mustahkamlash maqsadida tuzilgan. Sarhadlar osoyishtaligi, farovonlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, jumladan yangi temir yo‘llar, quruqlik portlari yaratish, “Xorgos” singari xalqaro chegaradosh hamkorlik markazlarini ochish va boshqa umumiy infratuzilmani takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar amalga oshirish faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridir. Mutaxassislar fikricha, dunyo hamjamiyatining tashkilotga qiziqishi yil sayin ortmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA