Minskda MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham mazkur yig‘ilishda ishtirok etdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Yig‘ilish avvalida Hamdo‘stlik davlatlari mudofaa vazirlari Minskda joylashgan “G‘alaba maydoni”dagi monumentga gulchambarlar qo‘ydi.

Belarus Respublikasi Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida mudofaa idoralari delegatsiyalari rahbarlari MDH formatida ko‘p tomonlama harbiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Jumladan, qo‘shma harbiy-ilmiy faoliyat, mudofaa idoralarining o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishdagi zamonaviy yondashuvlari va amaliy tajribasi bilan bog‘liq masalalar, 2025 yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi tasdiqlandi;
Shuningdek, MDH Mudofaa vazirlari kengashi a’zolarining qaroriga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousov MDH Mudofaa vazirlari kengashining raisi etib saylandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari MDHga a’zo davlatlarning havo hujumidan mudofaa qo‘shma tizimini takomillashtirish va rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. MDH Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mita raisi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Mudofaa vazirlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar MDH tashqi ishlar vazirlari, hukumat rahbarlari va davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
O‘zA