Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 2 iyuldagi “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yildi.
Farmonga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi hamda Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish, maktabgacha ta’limning o‘quv-reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash hamda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash kabi qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA