Afg‘oniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ushbu davlat sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va qo‘shma yirik infratuzilma loyihalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

O‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini oshirish, chegara oldi savdo zonalari faoliyatini kuchaytirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Bugun poytaxtimizda 250 dan ortiq afg‘onistonlik tadbirkor ishtirokida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tadi. Tadbirda qo‘shni mamlakatning zargarlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, transport va logistika kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 75 yirik kompaniyasi mahsulotlari namoyish etiladi.

Muloqotda “Made in Afghanistan” ko‘rgazmasi tashkiliy masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari hamkorligini sezilarli darajada faollashtirishi, tovar aylanmasini tezlashtirishi, o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni boshlashga zamin yaratishi qayd etildi.

O‘zA