Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan Respublika ishchi guruhi ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar ijtimoiy infratuzilmasining holati, aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator masalalar bo‘yicha o‘rganishlar olib bormoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa, tadbirkorlar tomonidan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish orqali daromadlarini oshirishga zamin yaratmoqda.
To‘rtko‘l tumanidagi ““Premium golden grain products” mas’uliyati cheklangan jamiyati eksportbop un va un mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonalardan biri. Ishchi guruh hamda tuman hokimligi mas’ullari ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonada kuniga 60 tonnagacha un ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, unda 40 nafar mahalliy aholining doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan. Mas’ullar korxonada ishlab turgan zamonaviy texnikalar va ishchi- xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.
Ishchi guruh tumandagi shisha mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “To‘rtko‘l shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
2019 yilda ishga tushirilgan ushbu korxona mahalliy aholining shisha mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga, mahsulotni xorijiy davlatlarga ham eksport qilmoqda.
Mazkur korxonada 160 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlangan. Ishchi guruh a’zolari korxonaning mas’ul xodimlari ilgari surgan taklif va tavsiyalarni o‘rgandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri