Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi qoshidagi maydonda “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostidagi festivalning ochilish marosimi hamda gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har yili iyun oyi yurtimizda “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilinib, barcha joylarda turli tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yil ham yoshlar festivaliga Qoraqalpog‘istonda birinchilardan bo‘lib start berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirokchilarni festivalning ochilishi bilan qutlab, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Festival doirasida hududda “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz”, “Uzches” platformalari faoliyati shoxobchalari va o‘quv markazlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Jumladan, “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida chet tili va IT o‘quv kurslarining ko‘rgazmasi namoyish etilib, tadbirda ishtirok etayotgan yoshlar o‘z xohishi bilan shu vaqtning o‘zida ro‘yxatdan o‘tishdi.
Tadbirda qator yo‘nalishlar bo‘yicha natijaga erishib kelayotgan bir guruh yoshlar, jumladan “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivali g‘oliblari taqdirlandi.
Tadbir so‘nggidagi gala konsert, ayniqsa, taniqli san’atkorlarning chiqishlari festivalni chin ma’noda yoshlar bayramiga aylantirdi. Qaynoq yoz oqshomida yoshlarga haqiqatda ham bayramona ruh hadya qilgan festival Nukus osmonidagi mushaklar shousi bilan yakuniga yetdi.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostidagi festival tumanlarda davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari