So‘nggi yillarda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Rossiya Federatsiyasi, Italiya, Ispaniya, Singapur, Germaniya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Turkiya, Belarus, Fransiya davlatlarining oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan xalqaro shartnomalar asosida hamkorlik qilib kelmoqda.

Shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti huzuridagi Sho‘r suv gidrologiyasi laboratoriyasi, N.I.Vavilov nomidagi Genetika, biotexnologiya va injeneriya universiteti vakillari bilan Orol dengizini o‘rganish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqlim sharoitida “Mikrotorf”ni qo‘llash, shu asosda uning samaradorligini aniqlash bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borildi.

O‘tgan yili universitet professor-o‘qituvchilari Qozon Federal universiteti,  M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti kabi qator oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirib, Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan “Qonunda manfaatlar muvozanati”  kongresining XVI sessiyasida, Sankt Peterburg shahrida o‘tgan universitetlar rektorlari forumida,  Xalqlar do‘stligi universitetida tashkil etilgan “XXI asr lingvokulturologiya va kommunikativ voqeligi: yangi vazifalar – yangi tushuncha” I  xalqaro forumida, Qrim Federal universitetida o‘tkazilgan “Ko‘p madaniyatli dunyoda rus tili”  VII xalqaro simpoziumida ishtirok etib qaytdi.

Ural davlat yuridika universiteti,G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Novosibirsk davlat universiteti,Qozon Federal universiteti, Sankt-Peterburg davlat pediatriya meditsina universiteti professor-o‘qituvchilari hamkorlik shartnomasi asosida oliy o‘quv yurtiga tashrif buyurib, talabalarga dars berdi.

Qoraqalpoq davlat universitetida joriy o‘quv yilida 11 nafar xorijiy fuqaro tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 3 nafari Rossiya Federatsiyasi fuqarosi hisoblanadi. Bugungi kunda Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti bilan bakalavriatning 3 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.

– Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning yaqinda  mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida qator sohalarda, shu jumladan,  O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida ilmiy texnologiyalar sohasida qo‘shma tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida bitimga erishildi,– deydi universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Timur Nurimbetov. – Bu esa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri