Saudiya Arabistoni Podshohligining Makka shahrida Haj media forumi bo‘lib o‘tmoqda. Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) yozishicha, mazkur anjuman ishtirokchilarga yangiliklarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritishda innovatsiyani ilgari surish, zamonaviy texnologiyadan samarali foydalanish bo‘yicha yangi imkoniyatlar taqdim etadi.
10 iyunda boshlangan, inter faol raqamli texnologiyalar salohiyatini namoyish etayotgan ushbu tadbir 150 dan ziyod mahalliy, 1500 dan ko‘p xalqaro OAV xodimlarini jamlagan.
Forum doirasida 11 yordamchi media hududi va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat jarayoni aks etgan inter faol media ko‘rgazmasi tashkil etilgan.
Anjuman tizimning barcha tarmoqlarini birlashtirgan holda, OAV vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida Haj mavsumida mahalliy va xalqaro OAV imkon darajasida ko‘proq ma’lumot tarqatishiga ko‘maklashadi.
Forum 16 iyunga qadar davom etadi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA