Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida kombaynlarning g‘alla o‘rim-yig‘im ishlariga tayyorgarligi yuzasidan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimligi, agroinspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari, korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlari, g‘alla o‘rish kombaynlari operatorlari ishtirok etdi.
Joriy yilda 4 ming 520 gektar maydondagi g‘alla hosilini o‘rib-yig‘ib olish uchun tumanda 13 ta otryad tashkil qilindi. Ularning kecha-kunduz ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Seminarda kombaynlarning tayyorgarlik holati yakuniy nazorat qilindi va vazifalar belgilandi.
Tadbir yakunida har bir kombayn operatoriga oziq-ovqat mahsulotlari hamda 2 million so‘mdan pul topshirildi.
G‘alla o‘rim-yig‘im ishlariga tayyorgarlik yuzasidan ko‘rgazmali seminar Orolbo‘yining barcha tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.