Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli hamda Bo‘zatov tumanlari bo‘limlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda haydovchilik guvohnomalarini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.

Xo‘jayli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyati instruktori  B.A. fuqaro F.T.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida hech qanday imtihon sinovlarisiz haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, evaziga 8,8 million  so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

Bo‘zatov tumanidagi tezkor tadbirda fuqarolar J.A. va J.K. fuqaro T.Sh.ning ishonchiga kirib, unga 700 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib berishni va’da qiladi. Shundan 600 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegili moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri