Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamda  Qurg‘oqchil mintaqalarida qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu seminarda Qoraqalpog‘istondagi asalarichilik fermer xo‘jaliklari vakillari, tegishli soha mutaxassislari, filial professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda asalarichilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish  bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar qayd etildi.

Ma’ruzachilar tomonidan seminar ishtirokchilariga asalarilarda uchraydigan mavsumiy  kasalliklarning oldini olish va davolash, ushbu sohada naslchilikni tashkil etish va rivojlantirish, HiveTracks mobil ilovasidan foydalanish tartibi, uy sharoitida asalari oilasini parvarishlash, zamonaviy veterinariya-sanitariya tadbirlarini o‘tkazish, asal ishlab chiqarish jarayonlari, ularning ozuqa bazasini yaratish kabi mavzularda to‘laqonli ma’lumot berildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda sifatli asal mahsulotlari ishlab chiqarilib, xorijga eksport qilish, kelgusida ilg‘or tajribalarni joriy etish va undan samarali foydalanish masalalari xususida so‘z yuritildi. Asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va soha mutaxassislarini tayyorlash to‘g‘risida  alohida ta’kidlab o‘tildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri