Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva turli sohalarda mehnat qilayotgan, faoliyat yuritayotgan qizlarni, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirmoqda.

Ayniqsa, sport sohasida qizlarning yutuqlarga erishishi, yurtimiz sha’nini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishi yo‘lida zarur imkoniyatlar yaratilishiga katta ahamiyat berilayotir.

Qolaversa, T.Norboyeva O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi sifatida ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan sportchilar, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Natijada velosportchilarimiz jahon sport arenalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Ular orasida bir necha bor nufuzli xalqaro musobaqalarda, shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan chempionlar bor.

Shu kunlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ayollar o‘rtasida kechgan individual vaqt poygasida Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova kumush medalga sazovor bo‘ldi.

– G‘olib bo‘lgan velosportchilarni qutlaymiz va biz qizlarmizning bunday yuksak yutuqlari hamda o‘zbek sporti rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan faxrlanamiz, – dedi T.Norboyeva. – Bu ko‘rsatkichlar, shubhasiz, yurtimizda sportga berilayotgan e’tibor natijasidir. Shu bilan birga, sportchilarimizning tinimsiz o‘z ustida ishlashi, murabbiylar mehnati mahsulidir.

Sportchilarimizni ulkan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, ularga yangi g‘alabalar tilab qolaman.

Olmaota shahrida para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida para velosportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi 10 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Senat Raisi para velosportchilar ham faxrimizligini, ular orasida qizlarning borligi faxrli ekanini e’tirof etdi. Ularga kelgusida jahon sport arenalarida shunday yutuqlarga erishishlari uchun omad tiladi.

N.Abduraimova, O‘zA