O‘zbekiston milliy metrologiya instituti xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ydi
Poytaxtimizda Davlat metrologiya muassasalarining Yevroosiyo hamkorligi (COOMET) tashkiloti 36-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida COOMET Qo‘mitasining prezidentligiga O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov nomzodi tasdiqlandi.
– Bu xalqaro e’tirof “Ertangi barqarorlik uchun bugun o‘lchaymiz” shiori ostida keng nishonlanayotgan O‘zbekiston metrologiyasi faoliyatining 100 yilligiga katta tuhfa bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Bosh metrologi Nuriddin Raimjonov. – Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, COOMET Nizomiga asosan tashkilotga 3 yil muddatga saylanadigan prezident rahbarlik qiladi. Prezidentlikka nomzod tashkilotga a’zo davlatlar vakillarining nomzodini ilgari surish orqali amalga oshirilib, yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Yurtimiz metrologiyasining yutuqlaridan yana biri shuki, O‘zbekistonning ilk kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlari – SMS qatorlari ro‘yxatga olindi.
Bugungi kunda O‘zbekiston milliy metrologiya institutida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaxsiy tashabbuskorligi, faolligi, mas’ulligi, harakatchanligi va izlanuvchanligi natijasida institutning metrologik laboratoriyalari infratuzilmasi rivojlantirildi. Kalibrlash xizmati kengaytirildi, milliy etalonlar bazasi so‘nggi besh yilda 9 tadan 29 taga ko‘paytirildi.
Respublikada aniq vaqt xizmatini tashkil qilish maqsadida vaqt va chastota (GLONASS va GPS) etalonini ishga tushirish va “davlat aniq vaqt – UTC Uz” xizmatini joriy qilish bo‘yicha hukumat qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Yana bir muhim jihat, metrologiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor masalalari, maqsadlari va vazifalarini o‘z ichiga olgan 2024-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi o‘lchashlar yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi loyihasi tayyorlandi.
Germaniyaning Fizika texnika instituti (PTB) bilan “Milliy sifat infratuzilmasini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlash” ikki tomonlama loyihasi doirasida ekspertlar guruhi ishtirokida uchrashuv va trening o‘tkazildi.
Xodimlarning malakasini oshirish hamda ilmiy salohiyatni kengaytirish bo‘yicha institutning 54 nafar xodimi Turkiya, Germaniya, Italiya, Moldova, Belarus, Koreya, Avstriya, Janubiy Afrika, Rossiya, Vengriya, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonning yetakchi metrologiya institutlarida malaka oshirdi.
UzNIM SSDL Markaziy Osiyo mintaqasining Milliy metrologiya instituti tarkibida faoliyat yurituvchi birinchi laboratoriya bo‘ldi. Bu, shubhasiz, O‘zbekiston milliy metrologiya institutining rivojlanish bosqichidagi ulkan yutuqdir.
Sh.Mamaturopova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA