Orolbo‘yini rivojlantirish grant loyihalari platformasi ishga tushdi

348

Toshkentda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMT TD) bilan hamkorlikda grant loyihalarini monitoring qilish platformasi ishga tushirilishi munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda vazirlik, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari mas’ul vakillari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.

Yurtimizda xorijiy yordam asosida amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi sifatida mazkur platforma dastlab Orol dengizi mintaqasida amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Keyinchalik kengaytirilgan platforma yo‘lga qo‘yilgan va taklif etilayotgan grant loyihalarining yo‘nalishi, xarajati, davomiyligi, joylashuvi, samaradorligi kabi zarur ma’lumotlarni nashr etadi. Shuningdek, tizim loyiha moliyalashtirilishini ta’minlash uchun davlat muassasalarining xorijiy donorlar bilan aloqalarini osonlashtiradi.

Yig‘ilish ishtirokchilari monitoring platformasining funksional imkoniyati bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ham ega bo‘ldilar.

– Taqdim etilayotgan mazkur grant loyihalari monitoringi platformasi loyiha boshqaruvini takomillashtirish va resurslardan samarali foydalanishni ta’minlaydigan transformatsion vositadir, – dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimov.

E’tiborli jihati shundaki, 3668 ma’lumotdan iborat to‘plam shaklidagi bu tizim yordamida hozirning o‘zida 429 loyiha bilan batafsil tanishish mumkin.

– Farovonlik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi umumiy ishimizni davom ettiramiz, – dedi BMT TDning O‘zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayyod Qarman. – Ushbu platforma hamkorlik va innovatsiyaning ijobiy o‘zgarishlarni ilgari surishdagi ahamiyatidan dalolat. Zero, manfaatdor tomonlar kelishilgan sa’y-harakatlar va umumiy qarashlar orqali yangi imkoniyatlarni ochib, hamma uchun yorqin kelajak qurishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, platforma BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha trast fondi tomonidan moliyalashtiriladigan Taraqqiyot dasturi, UNICEF va FAO tuzilmalari hamkorligidagi “Orolbo‘yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo‘lidagi imkoniyatlarini kengaytirish” dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

Umuman, davra suhbati xorijiy mamlakatlar grant mablag‘ini jalb qilish maqsadida donorlar bilan muloqot qilish, ularga loyiha takliflarini namoyish etish uchun ishtirokchilarga qulay imkoniyat yaratdi, deyish mumkin.

O‘tkir Alimov, 
Nosirjon Haydarov (surat), 
O‘zA