Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyish, aholi salomatligini mustahkamlash, ularning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda o‘tgan yillar davomida bir qator qarorlar, maxsus dasturlar qabul qilindi. Turli darajadagi ommaviy sport musobaqalari, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirib kelinmoqda.
Ammo salomatlikning birlamchi bosqichi bo‘lgan yurish va yugurish ko‘nikmasini aholi orasida shakllantirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, tegishli tashkilotlar, xususan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan «Yugur» sog‘lomlashtirish onlayn platformasi ishlab chiqildi.
Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, mamlakat yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, tegishli tashkilot vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda mazkur platforma taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda dasturchilar uning qulayligi va soddaligi xususida tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Yugur» sog‘lomlashtirish onlayn platformasi 23 iyun – Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlangan ommaviy yugurish musobaqasida ilk bor sinov tariqasida ishga tushiriladi.
Muhokamalar davomida mutaxassislar platformaning imkoniyatlarini oshirish, qo‘shimcha vazifalar yuklash, fuqarolarimiz uchun yanada qulaylashtirish borasida qo‘shimcha takliflar bildirdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA