Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, «SSKA» klubida faoliyat olib borayotgan Abbosbek Fayzullayev haqida deyarli har kuni yangidan-yangi xabarlar tarqalmoqda.

Transferlarga ixtisoslashgan «Transfermarkt» portalida aksariyat mamlakatlarda chempionatlar yakunlanganini inobatga olib, futbolchilarning mavsumdagi ishtiroki asosida ularning yangi narxlari e’lon qilinmoqda. Shunga ko‘ra, portal Rossiya Premer-ligasida to‘p tepgan bir guruh charm to‘p ustalarining yangi narxlarini e’lon qildi.

Buning natijasida «SSKA» safidagi o‘yinlari bilan mavsumning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullayevning transfer narxi bir million yevroga qimmatlagan holda, 6 million yevroni tashkil qildi.

Shu tariqa, A.Fayzullayev birinchi marotaba Markaziy Osiyoning eng qimmat o‘yinchisiga aylandi. Shuningdek, 20 yoshli iste’dodli futbolchimiz transfer narxi bo‘yicha Eldor Shomurodov va Baxtiyor Zaynutdinov kabi nomdor charm to‘p ustalarini ortda qoldirmoqda. Ayni damda Italiya va Turkiya chempionatlarida to‘p tepayotgan bu legionerlar «Transfermarkt» portalida besh million yevroga baholanmoqda.

Aslida Abbosbek Fayzullayev o‘tgan yili «Paxtakor» klubidan «SSKA» jamoasiga atigi 500 ming yevro evaziga transfer qilingan edi. O‘tganiga bir yil o‘tmasdan turib, futbolchimiz Rossiya chempionati va kubogida raqiblar darvozasiga beshta gol urdi va jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatdi hamda transfer narxi 10 barobardan ko‘proqqa ko‘tarildi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA