Xiva shahrining “Ichan-qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasida “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar o‘yini“ IV xalqaro ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.

Ushbu musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Butunjahon strongmenlar federatsiyasi (WSF) hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida Islom hamkorligi tashkilotining Turizm vazirlari islom konferensiyasining XII sessiyasi tadbirlari doirasida bo‘lib o‘tdi..

Turnirda dunyoning 15 davlati, jumladan, Avstriya, Buyuk Britaniya, Latviya, Pokiston, Yangi Zelandiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Eron, Hindiston, Tojikiston va O‘zbekistondan nomdor atletlar kuch sinashdi.

Ikki kun davomida mahalliy va xorijlik sayyohlar Xiva shahrida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan “Aqcha” ko‘l sohilida xalqaro bahodirlarning bahslarini katta qiziqish bilan kuzatib bordilar.

Dunyoning yuqori reytingli sport musobaqalari qatorida tan olingan «Strong men» sinovlarida dunyoning mashhur pahlavonlari “Oqtosh xarsangi”, “Obkach”, “Amudaryo qayig‘ini tortish”, ‘Cho‘girma otish”, “Mo‘ynoq langarini tortish”, “Jaloliddin va Amir Temur qilichlari” hamda “Plastik chellenj” deb nomlangan turli og‘irliklarni ko‘tarish, sudrash, tepalikka otish kabi 10 ta shartni bajaradilar.

Umumiy natijalarga ko‘ra, 100 bal to‘plagan eronlik pahlavon Reza Gaytasi uchinchi marotaba  “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar o‘yini” xalqaro ochiq turnirining mutloq g‘olibi deb e’lon qilindi. Chempion oltin medal, sertifikat va bosh sovrin– 5 ming AKSH dollari pul mukoqoti bilan taqdirlandi.

Kirgizistonlik pahlavon Muhammad Ali Tuxtamatov ikinchi o‘rin– 3 ming dollar pul mukofoti egasi bo‘ldi. Uchinchi o‘rin– ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti esa litvalik Modestas Strukusga nasib etdi.

Turnir peshqadamlarini O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof – muhitni muhofoza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Naziriy qutladi.

– Puryoyvaliy, Pahlavon Mahmud tarixi men uchun ibrat, – deydi Reza Gaytasi.– Shu sababdan ushbu xalqaro turnirda qatnashish men uchun faxrlidir, g‘olib bo‘lish esa sharaflidir. Ushbu nufuzli musobakada turt marotaba katnashdim va uch marotaba g‘olib bo‘ldim. Men baxtiyorman va barchaga omad tilayman. Navbatdagi ulkan turnirlarda uchrashguncha xayr.

Xalkaro turnir golib va sovrindorlari sharafiga tanikli yosh xonandalar ishtirokida gala-konsert namoyish etildi.

Turnir nafaqat yorqin sport tadbiri, balki sport turizmini rivojlantirish, nufuzini oshirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari