Mamlakatimizda turli sport musobaqalari, milliy chempionat va xalqaro turnirlarni o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda.
Poytaxtimizdagi «Anhor Lokomotiv» parkida pauerlifting bo‘yicha o‘tkazilgan “Tashkent Power” turnirida yurtimiz sportchilari qatorida Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va Ukraina terma jamoalarining mahoratli sportchilari kuch sinashdi.
O‘zbekiston pauerlifting federatsiyasi qayta tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, milliy chempionatlar qatori turli xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Kemran Shirinov 74 kilogramm vaznda g‘oliblik shohsupasidan joy oldi. Qirg‘izistonlik Bahrom Sobirov ikkinchi, Ukraina vakili Anton Yatsevyuk uchinchi o‘ringa muvaffaq bo‘ldi.
93 kilogramm toifasidagi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtimiz Rustam Hamdamovga teng keladigan raqib topilmadi. U 202,5 kg natija qayd etdi va o‘z vaznida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kumush medal qozog‘istonlik Sergey Yudchenkoga nasib etgan bo‘lsa, hamyurtimiz Zaur Matiyev bronza medali bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA